Samarqandda o‘tkazilayotgan iqtisodiy forum doirasida xalqaro hamda mahalliy kompaniyalar vakillari o‘rtasida kelishuv amalga oshirilmoqda.
Xususan, forumning birinchi kuni, Moliya vazirligi va OTB o‘rtasida Orol dengizi havzasi sektorida iqlimga moslashgan suv resurslarini boshqarish loyihasi bo‘yicha $3,3 mln.lik qarz bitimi imzolandi.
Buxoro issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha OTB hamda Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Loyiha qiymati $100 mln.ni tashkil etib, bu bo‘yicha bank maslahat xizmatini ko‘rsatadi.
Moliya vazirligi va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi o‘rtasida budjetni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida qiymati $100 mln miqdoridagi qarz bitimi imzolandi.
Shu bilan birga vazirlik “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi yuzasidan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan qiymati $100 mln.lik, Jahon banki bilan ham qiymati 100 $mln.lik qarz bitimini imzoladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Moliya vazirligi va Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida O‘zbekiston davlat xususiy sheriklik loyihalarini rivojlantirish jamg‘armasining moliyalashtirish shartlarini kelishish yuzasidan qiymati $20 mln.lik bitim imzolandi.
Shifoxona, MTM, talabalar turar joyi
Moliya vazirligi, Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda OTB o‘rtasida maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasi bo‘yicha qiymati $75 mln.lik maslahat xizmatini ko‘rsatish bitimi imzolandi.
Dastur mamlakatda 100 ta MTMni sifatli infratuzilma bilan ta’minlashi belgilangan.
Buxoro va Andijon viloyatlarida tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va OTB o‘rtasida $240 mln.lik bitim imzolandi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida $115 mln.lik bitim imzolandi.
Mablag‘lar oliy ta’lim muassasalari uchun talabalar turarjoylarini qurish va jihozlash loyihasiga yo‘naltiriladi.
Moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida budjetni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida qiymati $500 mln miqdoridagi qarz bitimi imzolandi.
Mablag‘lar O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, narxlar barqarorligi, biznesni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy yordam, tadbirkorlik va bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarga sarflanadi.
Shuningdek, forum doirasida Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro banklar bilan 8 ta loyiha bo‘yicha kelishuv amalga oshirishini ma’lumot qilgandi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llab, unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtaldi.
Xalqaro moliya korporatsiyasining bosh direktori Mahtar Diop esa O‘zbekistonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ekanligini qayd etdi.