Prezident jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishib, ko’rsatmalar berdi.
Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida dolzarb bo‘lmagan 5 ta bakalavriat yo‘nalishi tugatilib, 2 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi.
Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega bo‘lgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan abituriyentlar kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi.
Talabalarni rag‘batlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener maqomi beriladi.
Ta’lim va ilm bog‘liqligini mustahkamlash uchun yagona kuzatuv kengashi tuzish rejalashtirilgan.
Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutiga sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirish, startap loyihalarni amalga oshirish kabi yangi vazifalar yuklatildi.