Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda qurilish materiallari eksportini 2023-yilda $900 mln.ga yetkazish, ichki bozor uchun $5 trln so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, davlat rahbari mutasaddilarga quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlarni aytib o‘tdi:

  • qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun kamida 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan “Sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish va bunga birinchi bosqichda $50 mln resurs yo‘naltirish;
  • Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, O‘zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini tashkil etish;
  • Ispaniya, Italiya va Turkiyaning yetakchi korxonalari bilan muzokara o‘tkazib, Angrenda chinni idishlar va santexnika buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish;
  • kelgusi yilda Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kaolindan klaster usulida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kamida $200 mln.lik 10 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.

Yig‘ilishda prezident keyingi yili ichki bozorda 5 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilishi, eksport esa $4,3 mlrdga yetkazilishi haqida aytgandi.

Buning uchun 2024-yilgacha Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga amalga oshiriladigan gazlama, trikotaj mato eksportining 70% transport xarajatlari qoplab beriladi.

Kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi hamda yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga $100 mln, gilamchilik uchun $50 mln yo‘naltiriladi.