“Meta” kompaniyasi xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatishni boshlamoqchi, deya xabar berdi “The Wall Street Journal”.

Bu kompaniyaning 18 yillik tarixidagi birinchi yirik qisqartirish bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Korporatsiyada jami 87 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Nashr qancha xodim ishdan bo‘shatilishiga aniqlik kiritmagan.

Xabarga ko‘ra, kompaniya ishchilardan bu haftadan boshlab zarur bo‘lmagan sayohatlarni bekor qilishni so‘ragan.

Oktabr oyining oxirida “Meta” uchinchi chorakdagi faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etgandi.

Uning daromadi 4%ga kamayib, $27,7 mlrd.ni tashkil etdi, bu kompaniya tarixidagi daromadning ikkinchi eng katta pasayishi bo‘ldi.

Kompaniyaning sof foydasi 52%ga kamayib, $4,4 mlrd.ni tashkil qildi va aksiyalari 20%ga tushib ketdi.

“Bloomberg” sentabr oyi oxirida “Meta” xodimlarni ishga yollash to‘xtatilishi va ba’zi jamoalar uchun xarajatlarni kamaytirish haqida xabar bergandi.


“Spot” avvalroq “Meta” (Facebok) kompaniyasi bosh direktori Mark Sukerbergning boyligi yil boshidan buyon $71 mlrd.ga qisqargani haqida yozgandi.