Finance Inquirer” nashrining RGCA xalqaro tadqiqot natijalariga koʻra, O‘zbekiston bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilish boʻyicha eng yaxshi dinamikaga ega davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadqiqotni oʻtkazishda “UNICEF”, Jahon banki va “OECD” maʼlumotlariga tayanilgani ta’kidlanadi xabarda.

Xususan, hisobot 2018-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan maktabgacha ta’limning uzoq muddatli tendensiyalarining umumiy ko‘rinishini qamrab oladi.

Aksariyat hududlarda maktabgacha ta’lim bilan bog‘liq vaziyat to‘xtab qolgan yoki salbiy o‘sish zonasiga o‘tgan.

Bir qator mamlakatlarda, xususan, O‘zbekistonda esa ta’sirchan o‘sish kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Mamlakatda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning o‘sish dinamikasi (tadqiqot davriga ko‘ra) 59%ni tashkil qilgan.

“RGCA” tadqiqotiga kiritilgan mamlakatlarning aksariyati maktabgacha ta’lim dasturlariga katta mablag‘ sarflaydi.

Dastur xarajatlari, ya’ni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jami xarajatlarining o‘rtacha 69%i davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

O‘zbekistondan tashqari, birinchi o‘ntalikka Tojikiston (+33%), Belarus (+7%), Finlyandiya (+7%), Qozog‘iston (+4%), Litva (+4%), Turkiya (+4%), Shveysariya (+2%), Polsha (+2%) va Ozarbayjon (+1%) kiritilgan.

Reytingga kiritilgan mamlakatlarning yarmidan ko‘prog‘ida MTMga bolalarni qamrab olish darajasi 2018−2020 yillarda pasaygan.


Avvalroq, Osiya taraqqiyot banki O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasi bo‘yicha $75 mln mablag‘ ajratishi haqida xabar berilgandi.

Dastur mamlakatda 100 ta MTMni sifatli infratuzilma bilan ta’minlashi belgilangan.