Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi 9 ta bob, 52 ta moddadan iborat bo‘lib, amaldagi “Raqobat to‘g‘risida"gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida"gi qonunlar birlashtirilmoqda.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarini raqobat muhitiga ta’sirini baholash tartibi belgilandi.
Monopoliyaga qarshi komplayens instituti kiritilib, davlat ko‘magi ko‘rinishlari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablarni belgilash ta’kidlandi.
Bundan tashqari, qonunga ommaviy savdo tushunchasi kiritilib, nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa elektron tarzda o‘tkaziladigan savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan raqobatga qarshi kelishuv va o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlikni yengillashtirish tartibi kiritilmoqda.
Moliyaviy jarimalar kiritilishi sabab, iqtisodiy konsentratsiya, tender yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish harakatlari hamda raqobatga qarshi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Avvalroq Senatda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasi ma’qullangandi.