Sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha prezident raisligida videoselektor yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” yig‘ilishda belgilangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.
1-dekabrgacha xom ashyo zaxirasi yaratiladi
Sanoat zonalari infratuzilmasiga bu yilda 1,2 trln so‘m ajratildi. Lekin, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mablag‘larning 40%ini ham o‘zlashtirilmagan.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirildi.
Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti — 3 barobar, transformator — 3,6 barobar, tibbiy buyumlar — 9 barobar, trikotaj mato — 2 barobar oshdi.
Agar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini ko‘proq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlarimiz eksportni bir necha barobar oshirishi mumkin.
Lekin mas’ul vazirliklar bu masalalar bilan shug‘ullanmayotgani tanqid qilindi.
1-dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qo‘yish topshirildi.
Yevropaga sanoat eksporti $700 mlnga yetkaziladi
O‘zbekiston “GSP+” tizimiga qo‘shilganiga bir yildan oshdi. Yevropa bozorida sotiladigan tayyor mahsulotlar uchun transport xarajatlariga 70%gacha subsidiya berilmoqda.
Lekin, “GSP+"ga kiradigan 6 ming 200 ta bojsiz mahsulotning bor-yo‘g‘i 325 turi eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu sabab mutasaddilarga Yevropaga kelgusi yilda sanoat eksportini 600 ta mahsulotga, eksport hajmini $700 mln.ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
50 xil turdagi tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladi
To‘qimachilikda keyingi yilda ichki bozorga qo‘shimcha 5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda eksportni $4,3 mlrd.ga yetkazish topshirildi.
Buning uchun 2024-yilgacha Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga amalga oshiriladigan gazlama, trikotaj mato eksportining 70% transport xarajatlari qoplab beriladi.
Kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi hamda yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga $100 mln, gilamchilik uchun $50 mln yo‘naltiriladi.
Shuningdek, to‘qimachilik industrial zonalari infratuzilmasiga 200 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Joriy yilning yakuniga qadar Turkiya, Eron, Belgiyadan dizayner va texnolog olib kelinadi.
Sakkizta qurilish materiallari industrial zonasi tashkil etiladi
Qurilish materiallari eksportini 2023-yilda $900 mln.ga yetkazish, ichki bozor uchun $5 trln so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shunindek, davlat rahbari mutasaddilarga quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlarni aytib o‘tdi:
- qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun kamida 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan “Sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish va bunga birinchi bosqichda $50 mln resurs yo‘naltirish;
- Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, O‘zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini tashkil etish;
- Ispaniya, Italiya va Turkiyaning yetakchi korxonalari bilan muzokara o‘tkazib, Angrenda chinni idishlar va santexnika buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish;
- kelgusi yilda Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kaolindan klaster usulida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kamida $200 mln.lik 10 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
Mebelsozlik sanoati kengaytiriladi
Mebelsozlikda kelgusi yilda mahsulot hajmini 5 trln so‘mga, eksportni $50 mln.ga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Xorazmda 100 ga yaqin mahalla mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, ularni kengaytirish zarur.
Ushbu viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda mahallalar atrofida mebel sanoat markazlarini tashkil qilish hamda quyidagi topshiriqlar berildi:
- kelgusi yilda 250 ta mebelchilik loyihasini ishga tushirib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish;
- 15 ta mebelsozlik sanoat zonalari infratuzilmasiga 55 mlrd so‘m ajratish;
- mebelsozlikka berilgan bojxona imtiyozlari muddatini 2024-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Zargarlik buyumlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi
Yig‘ilishda zargarlikda ham imkoniyatlar kengligi, mamlakatda $300 mln.lik ichki bozor borligi ta’kidlandi.
Bu talabni bemalol o‘zimizni mahalliy zargarlar qondirishi mumkin. Shu sababli ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 1-dekabrdan boshlab:
- oltin va kumushga kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi;
- kafolat olish imkoniyati yakka tartibdagi zargarlar uchun ham yaratiladi;
- oltin, kumush va zargarlik uchun zarur boshqa xom ashyolarni qayta ishlash uchun vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi;
- zargarlar ishlatadigan qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
$10 ming.gacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat beriladi (hozir 5 minggacha ruxsat berilgan).
Tegishli viloyatlar hokimlariga Samarqand, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida zargarlik savdo va ishlab chiqarish majmualarini ishga tushirish topshirildi.
Eksport hajmiga qarab subsidiya berish tizimi yaratiladi
Prezident kelgusi yilda eksportni qo‘llab-quvvatlash kengaytirilishi, bundan buyon tarmoqlarga subsidiyalar eksport hajmiga qarab beriladigan tizim yaratilishini ta’kidladi.
Bugungi yig‘ilishdagi topshiriqlar ijrosi natijasida hududiy sanoatni rivojlantirishga qo‘shimcha $300 mln va 350 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi qayd etildi.
Aytilgan marralarga erishilsa, kelgusi yilda qo‘shimcha $2 mlrd eksport hajmi ta’minlanadi.
Hokimlar va tarmoq rahbarlari bundan samarali foydalanib, 2023-yilda $8,2 mlrd.lik hududiy sanoat mahsulotlari eksportini ta’minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.