O‘tgan yili hukumat qarori bilan yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50% gacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi joriy etilgandi.

“O‘zbekistonning IT-iste'dodlari” portalida keltirilishicha, shu kungacha jami 130 ta ariza topshirilgan bo‘lib, shundan 50 ta talabgorga kompensatsiya to‘lab berilgan.

Buning uchun nima qilish kerak

Kompensatsiya olish uchun Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza jo‘natish zarur.

Bunda quyidagi hujjatlarni yuklash kerak bo‘ladi:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • xarajatlar kvitansiyasi;
  • IT-sertifikat nusxasi

Sertifikatlar berilgan sanasidan boshlab 180 kalendar kunidan oshmasligi lozim.

Arizani ko‘rib chiqish va sertifikatni tekshirish 17 ish kuni ichida amalga oshiriladi. Tekshirish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, jarayon 30 kalendar kunigacha davom etishi mumkin.

Mazkur xizmatdan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar foydalana oladi.

Agar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, arizada ota-ona yoki vasiyning ma’lumotlari ko‘rsatilishi kerak.

Shuningdek, platformada kompensatsiya qilinadigan sertifikatlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ularga beriladigan kompensatsiya qiymatini aniqlash imkoni mavjud.

Hozir ro‘yxatda xalqaro tan olingan va talab yuqori bo‘lgan 161 ta IT-sertifikatlari keltirilgan.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, arizalarni havola orqali berish mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Joriy yilning 1-noyabridan IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln so‘mgacha) iste’mol kreditlarini ajratish tartibi joriy etildi.