Joriy yilning birinchi yarmida Toshkentning davlat budjeti 13,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda “Toshkent shahrining 2022-yil birinchi yarim yilligida davlat budjeti va mahalliy budjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.
Unga ko‘ra, belgilangan 12,4 trln so‘m prognoz 111%ga bajarilgan.
Mahalliy budjetlar daromadlari 3,2 trln so‘mni tashkil etib, Toshkent shahar va tumanlar mahalliy budjetlari belgilangan 2,8 trln so‘m prognozni 116%ga bajargan.
Natijada mahalliy budjetda prognozdan tashqari 412,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolganini ko‘rish mumkin.
Xususan, poytaxtda rejaga nisbatan daromad solig‘i 17,6% ortig‘i bilan bajarilgan — 116 mlrd so‘m.
Eng yuqori ko‘rsatkich jismoniy shaxslarning daromad solig‘ida qayd etilgan bo‘lib, bu davrda 49,3% ya’ni 272,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, respublika budjetiga soliq tushumlari bo‘yicha belgilangan prognozdan ortiqcha tushirilgan 907 mlrd so‘m mablag‘ poytaxtning mahalliy budjetiga o‘tkazib berildi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan 35,6 mlrd so‘m mablag‘ Toshkent mahalliy budjetining daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismiga o‘tkazilib, natijada poytaxt budjetida 154 mlrd so‘m shakllangan.
Budjetga ortiqcha to‘langan soliqlar miqdori o‘tgan yilga (76 mlrd. so‘m) nisbatan 37 mlrd so‘mga yoki 51%ga qisqargan.
Avvalroq, Toshkentga “Uyushgan xalqaro moliya markazi” maqomi berilgandi.