Avvalroq, “Tumaris.Hack” hakatonida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.

Hakatonning umumiy mukofot jamg‘armasi $8000ni tashkil etadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur hakatonda O‘zbekistonning “Madagaskar” jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jamoa sun’iy intellektga asoslangan harakatlarni takrorlash orqali serharakatlilikni rivojlantirishga yordam beruvchi ijtimoiy tarmoq -“MoveIt” loyihasi bilan ishtirok etdi.

Undan keyingi ikkinchi o‘rinni Qozog‘istonning “Game Changers” jamoasi egalladi. Ular sun’iy intellektga asoslangan mimika orqali inson hissiyotlarini o‘qishga mo‘ljallangan dasturni taqdim etishdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning “Totally Stem” jamoasi ishonchli ijara uy-joy platformasi loyihasi bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqada qatnashish uchun O‘zbekistondan 207 ta, Qozog‘istondan 159 ta, Qirg‘izistondan 68 ta, Tojikistondan 32 ta hamda va Turkmanistondan 3ta, jami 469 ta ariza qabul qilingan.

Xususan, loyihaning birinchi kuni 53 ta jamoa ishtirok etib, shundan 21 tasi Demo kunida o‘z loyihalarini taqdim etdi. Jamoalar elektron tijorat, FinTech va DeepTech yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.

G‘olib jamoalar akseleratsiya dasturiga tanlovdan tashqari kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tumaris.Hack” — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston qizlari uchun mo‘ljallangan onlayn tanlov. Uning doirasida ishtirokchilar mentorlar ko‘magida ikki kun davomida ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yechishga mo‘ljallangan mahsulotlarning tajriba namunalarini ishlab chiqishi kerak.

Loyihalar jamiyat va iqtisodiy muammolarni yechishga qaratilgan bo‘lishi, ilmiy va texnologik yangiligi bilan ajralib turishi va turli nizomlar asnosida ishlashi lozim.


Avvalroq “Spot” “EPAM Uzbekistan” oflayn “Golang” o‘quv dasturini ishga tushirayotgani haqida xabar bergandi.