“UniSat” dasturining ikkinchi oqimiga arizalar qabul qilinmoqda.
Unda o‘zbekistonlik qizlar uchun kosmik texnologiyalar, radioelektronika, dasturlash, fazodan olingan Yer tasvirlarini qabul qilish va ishlov berish kabi ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Shuningdek, ishtirokchilar quyidagi mavzularda bilimlarini oshiradi:
- jamoani shakllantirish va vaqtni rejalashtirish;
- yo‘ldoshning dastlabki dizayniga va 3D modellashtirishga kirish;
- dasturiy ta’minot integratsiyasi va uskunalarni yig‘ish;
- “UniSat” nanoyo‘ldoshini loyihalashtirish va ishlab chiqishga muhandislik yondashuvi;
- “UniSat” tomonidan qo‘llanadigan Yevropa kosmik sanoat standarti (ECSS);
- ma’lumotlar tahlili va boshqalar
Loyiha o‘z ichiga 4 oy davom etadigan onlayn va offlayn seminarlarni hamda amaliy ishlarni qamragan.
Unda O‘zbekistonning barcha hududidan 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan qizlar ishtirok etishi mumkin.
Arizalar ichidan 150 nafar qiz tanlab olinadi hamda 4 oylik seminarlardan keyin ularning natijalariga qarab 20 nafar eng yaxshi ishtirokchi keyingi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Keyingi bosqichda 20 nafar ishtirokchi Toshkentdagi “InnoLab” laboratoriyasida “CubeSat"ni yig‘ish bo‘yicha amaliyot o‘taydi.
2023-yilning bahorida esa har biri 10 nafar ishtirokchi qizdan iborat 2 ta ekipaj o‘zlari yasagan “CubeSat"ni stratosferaga uchirish bo‘yicha musobaqalarda qatnashadi.
Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq “Spot” Markaziy Osiyo mamlakatlari qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Tumaris.Hack” hakatonida O‘zbekistonning “Madagaskar” jamoasi g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergandi.