Andijon shahrida faoliyat yuritgan tadbirkorga 2 mlrd so‘mga yaqin kompensatsiya puli undirib beriladigan bo‘ldi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining matbuot xizmati.

Gap tadbirkor Isroiljon Madragimovning “ZANGORI EKRAN TRADE” savdo do‘koni haqida ketmoqda.

Unga ko‘ra, Andijon shahar hokimligi tomonidan mazkur bino-inshootlar davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, natijada kompensatsiya to‘lanmagan.

Kompaniya balansidagi Andijon shahar, Yangi bozor ko‘chasida joylashgan qurilish maydoni 740,65 kv.metrni tashkil etgan texnik savdo markazi binosi buzilishga tushgan.

Hokimlik kelishuv shartnomasiga asosan Oltinko‘l tumani hududidan shahar hokimligi zaxirasiga olingan har biri 400 kv.metrdan iborat bo‘lgan 40 dona yer uchastkasini ajratib berish majburiyatini olgan.

2018-yil davomida hokimlik tomonidan jami 26 ta belgilangan yer uchastkalari hokim qarori asosida ajratib berilgan. Biroq shu kunga qadar shartnoma shartlari to‘liq bajarilmagan yoki o‘rniga kompensatsiya puli to‘lab berilmagan.

O‘rganish davomida 400 kv.metr yer maydonining bugungi kundagi bozor bahosi 136 mln so‘m etib belgilab berilgan.

Biroq qonun hamda qonunosti hujjatlariga rioya qilinmaslik natijasida shartnoma shartlari bajarilishi kechiktirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar adliya bo‘limi tomonidan jamiyat manfaatini ko‘zlab hokimlik tomonidan buzdirilgan bino va inshootlar uchun kompensatsiya to‘lovlari hamda ekspertiza xarajatlarini undirib berish haqida Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilgan.

Sud mazkur ish yuzasidan to‘plangan hujjatlarni o‘rganib chiqib, shahar hokimligidan jamiyat foydasiga jami 1,9 mlrd so‘m kompensatsiya undirish to‘g‘risida hal qiluv qarorini qabul qildi.


Avvalroq Savdo sanoat palatasi tadbirkorga qariyb 760 mln so‘m, Biznes-ombudsman esa 669 mln so‘m undirib berishi haqida xabarlar berilgandi.