Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi rasmiylaridan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni soʻradi, deya xabar bermoqda “Financial Times”.
Cheklovlar va tadbirkorning aktivlarini muzlatish uning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Toshkent Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortsa, Bryusselga qarshi ehtimoliy sud jarayonida Usmonovga huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Usmonovning matbuot kotibi bergan intervyusida O‘zbekiston hukumatining harakatlariga izoh bera olmasligini aytdi, biroq sanksiyalar haqiqatdan ham sarmoyaviy va xayriya loyihalariga xalaqit berayotganini tan oldi.
“Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi roʻyxatga kiritilgan barcha jismoniy va yuridik shaxslarga roʻyxatga olish boʻyicha Yevropa sudiga qonuniy eʼtiroz bildirish imkoniyatini beradi”, — dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati vakili Piter Stano.
Tadbirkorga Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Kanada tomonidan shaxsiy sanksiyalar joriy qilingan.
Mart oyida AQSh ham Usmonovga qarshi sanksiyalar kiritdi, biroq ular tadbirkorning aktivlarini blokirovka qilishdan olib tashlashgan.
Uning singlisiga ham sanksiya qo‘yilgan, chunki u milliarderning ba’zi aktivlari, jumladan, $600 mln.lik “Dilbar” yaxtasining egasi sifatida qayd etilgan, deb yozadi “Financial Times”.
Biroq sentabrda uning singlisi Saodat Narziyevaga qo‘yilgan Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bekor qilingandi. Undan avval Vengriya Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragandi.
Tadbirkor Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan sudga muojaat qilgandi.
Milliarder Ukrainadagi jangovar harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganlikni inkor etib, $20 ming miqdoridagi sud xarajatlarini qoplashni talab qilgan.
Biroq Yevropa sudi tadbirkorning sanksiyalar bo‘yicha da’vosini tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqilishiga yo‘l bermagan.