2023-yil uchun “QS Asia University Rankings” Osiyodagi universitetlar reytingi ma’lum qilindi. Unda O‘zbekistonning 8 ta oliy ta’lim muassasasi TOP-1000 talikdan joy oldi.

“Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting tuzuvchi tashkilotda 760 ta eng kuchli Osiyo universitetlari joy olgan.

Reytingni shakllantirishda akademik va ish beruvchining obro‘si, PhD darajasiga ega bo‘lgan xodimlar soni hamda xalqaro talabalar ulushi kabi ko‘rsatkichlar birinchi marotaba kiritildi.

“QS Asia University Rankings” reytingini tuzishda OTMning quyidagi 11 ta ko‘rsatkichi baholanadi:

  • ilmiy (akademik) obro‘ (professor-o‘qituvchilarning ovozi) — 30%;
  • ish beruvchining bahosi — 20%;
  • professor-o‘qituvchilar/talabalar nisbati — 10%;
  • xalqaro tadqiqot tarmog‘i (“Scopus"dagi maqolalar soni) — 10%;
  • bitta maqolaga berilgan iqtiboslar — 10%;
  • har bir professor-o‘qituvchi hissasiga to‘g‘ri keladigan maqolalar soni — 5%;
  • PhD darajasiga ega xodimlar soni — 5%;
  • xalqaro professor-o‘qituvchilarning ulushi — 2,5%;
  • chet ellik talabalarning ulushi — 2,5%;
  • almashinuv dasturlari doirasida xorijdan kelgan talabalarning ulushi — 2,5%;
  • va xorijga borgan talabalarining ulushi — 2,5%.

Reytingning eng yuqori uchligidan Pekin universiteti (Xitoy), Singapur milliy universiteti (Singapur) hamda Tsinghua universiteti (Xitoy) joy olgan.

O‘zbekistondan qaysi OTMlar kiritilgan

  • “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti — 301−350
  • O‘zbekiston milliy universiteti — 351−400
  • Toshkent moliya instituti — 551−600
  • Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti — 551−600
  • Samarqand davlat universiteti — 601−650
  • Toshkent davlat agrar universiteti — 601−650
  • Qoraqalpoq davlat universiteti — 701−750
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti — 701−750


Shuningdek, “QS Asia University 2023” reytingida Osiyodagi universitetlar joylashuviga qarab mintaqaviy o‘rinlari ham belgilandi.

O‘zbekistondagi mazkur 8ta OTM Markaziy Osiyo universitetlari reytingiga ham kiritildi.


Avvalroq O‘zbekiston bolalarni MTMga jalb qilish boʻyicha yetakchi davlatlar reytinggida birinchi o‘rinni egallagandi.