Joriy yilning fevral oyida “Wildberries” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda mazkur kompaniya bilan birgalikda O‘zbekistonda savdo-logistika majmuasi quriladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kompaniya vakillari bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida barcha tegishli xizmatlarni ko‘rsatuvchi “Wildberries” logistika majmuasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

U yerda tovarlarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish uchun bojxona va sertifikatlashtirish organlarining “yagona oyna” xizmatlariga ega saralash markazi ham tashkil etiladi.

Loyihaning umumiy qiymati $130 mln.ni tashkil etib, u ishga tushishi bilan 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Marketpleys orqali sotishga chiqarish uchun birinchi bosqichda tadbirkorlar tomonidan $900 mln.dan ortiq to‘qimachilik mahsulotlari, $121,5 mln.lik charm mahsulotlari, $172,2 mln.lik maishiy elektrotexnika buyumlari hamda $382,5 mln.lik qurilish materiallari yetkazib berilishi aytilmoqda.

Loyihani amalga oshirish doirasida kompaniya o‘zbekistonlik tadbirkorlarni sotuvchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga, elektron platformada ishlash va o‘z tovarlari sotish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘zbek va rus tillarida tadbirkorlar uchun onlayn seminarlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, yangi o‘zbek brendlarini yaratish fabrikasini ishga tushiriladi. Unda marketing tadqiqotlari, bozor tahlillari o‘tkaziladi va tegishli brendlar ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun: “Wildberries” kompaniyasi 2004-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda universal formatdagi yirik onlayn gipermarketdir. Marketpleys orqali kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar va uy-ro‘zg‘or buyumlarining jahonda mashhur brendlari mahsulotlari sotiladi.


Avvalroq prezident keyingi yili ichki bozorda 5 trln so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda eksportni esa $4,3 mlrdga yetkazish haqida aytib o‘tgandi.