“O‘zbekneftgaz” nomidan investitsiya kiritish va daromad olish bo‘yicha turli xizmatlarni taklif etish holati aniqlandi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Xususan, neft va gaz savdosidan pul ishlash imkonini beruvchi mavjud bo‘lmagan hukumat qarorlarini mavjud bo‘lmagan platformalarga joylashtirish holati aniqlangan.

Bu bo‘yicha maqolalarda odamlarga turli loyihalarda qatnashib, katta daromadga ega bo‘lishlari mumkinligi va’da qilinmoqda. Vazirlik keltirishicha, firibgarlar foydalanuvchilar soxtalikni sezmasliklari uchun video roliklardan foydalanishmoqda.

Shuningdek, loyihada faol ishtirok etishga undovchi mashhur san’atkorlarning sur’atlari va loyiha hamda aksiyalarda ishtirok etib, boyib ketgani haqidagi yolg‘on intervyular nashr etilmoqda.

2 mln so‘m evaziga 16 mln so‘m dividend

Vazirlik holatga batafsil to‘xtalib, “Facebook” orqali foto va matn ko‘rinishida foydalanuvchilarga taqdim etilayotgan reklama xususidagi axborotlarga urg‘u bergan.

Xususan, “2022-yilda aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz"ga 2 mln so‘mdan boshlab investitsiya kiriting va har oy 9−16 mln so‘mdan dividend oling” kabi mazmunda ma’lumotlar berilib, ro‘yxatdan o‘tish uchun havolalar ko‘rsatilgan.


Foydalanuvchilarni ishontirish maqsadida, kompaniya logotipi, videoroliklar, davlat ramzlari va shaxslari hamda boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan.

Shuningdek, unda fuqaroning shaxsiy va bank kartasiga oid ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan.

Bunda, ishonchni suiste’mol qilish, firibgarlik yo‘li bilan kiber jinoyatchilikni amalga oshirish, shuningdek, qonun talablariga zid ravishda shaxsga doir ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish alomatlari mavjud, deyiladi xabarda.

Xabarda ta’kidlanishicha, joriy yilda “O‘zbekneftgaz” nomidan firibgarlar tomonidan o‘nlab soxta e’lonlar berilgan.

“O‘zbekneftgaz” sho‘ba korxonalari va tashkilotlarining axborot resurslari bo‘lmagan veb-saytlarda e’lon qilingan har qanday ma’lumotlardan foydalanishda ogohlikka chaqirmoqda.

Joriy yilda axborot texnologiyalaridan foydalanib firibgarlikni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Unga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etganlar BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish hamda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.

Avvalroq, “O‘zkimyoimpeks” kompaniyasi nomidan soxta xizmatlarni taklif etish holati aniqlangandi.