2017-yilda O‘zbekistonda Tax-free tizimini joriy etish haqida xabar berilgandi.

Hukumatning tegishli qarori bilan chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun QQSni qaytarish tizimini joriy etish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, 2023-yildan ularga mamlakat hududida ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan QQS summasini qisman qaytarish “tax free” tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.

Bunda chet davlat fuqarolariga qaytariladigan QQS summasini hisobga olish va uni qaytarish soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali taqdim etiladi.

QQS summasini qaytarish minimal xarid qiymati kamida 1 mln so‘mni tashkil etganda hamda tovarlar xarid qilingan kundan e’tiboran 3 oy mobaynida amalga oshiriladi.

Qaror bilan 2022-yil 10-dekabrga qadar mobil ilovaga chet davlat fuqarolari tomonidan to‘langan QQS summasini qaytarish imkonini beradigan qo‘shimchalar kiritiladi.

Shuningdek, 15-dekabrgacha esa ularning mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tishlarida O‘zbekistonga kirib kelganligini qayd etish ma’lumotlari orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Avgust oyida prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda 2023-yildan boshlab QQS stavkasi 12%ga tushirilishi haqida aytgandi.


Avvalroq “Spot” davlat budjetidan qaytarilgan QQS 12 trln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.