AQShda joylashgan Oy va sayyoralar instituti (LPI) 2023-yil uchun yozgi amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

LPI yozgi amaliyoti butun dunyo bo‘ylab har qanday millatga mansub barcha talabalar uchun to‘liq moliyalashtiriladigan pullik xalqaro amaliyot bo‘lib, 2023-yilning 4-iyunidan 2023-yilning 11-avgustigacha Hyustonda bo‘lib o‘tadi.

Sayyorashunoslik bo‘yicha 10 haftalik amaliyot davomida talabalar “NASA Jonson” kosmik markaziga ilmiy tashriflar, ma’ruzalar va seminarlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

LPI yozgi amaliyoti dasturida faqat bakalavr talabalari ishtirok etishi mumkin. Bunda ariza to‘lovi talab etilmaydi hamda barcha xarajatlar AQSh hukumati tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi.

Tanlangan amaliyotchilarga, stipendiya, borish-kelish chiptalari, uy-joy va yashash xarajatlarini qoplash uchun $7300 miqdorida stipendiya ajratiladi.

Shuningdek, xalqaro talabalarga sayohat xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha $500 beriladi.

Mazkur amaliyot dasturida kamida 50 semestr soati bo‘lgan bakalavr talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Fizika, tabiiy fanlar, muhandislik, informatika yoki matematika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan talabalar afzalliklarga ega.

Tadqiqot mavzulari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Til bilish sertifikati talab qilinmaydi biroq IELTS yoki TOEFL bo‘lsa, uni ham topshirish mumkin. Bu sertifikatlar bo‘lmagan taqdirda, universitet professoridan ingliz tilini bilish maktubini topshirish so‘raladi.

Tanlov quyidagi mezonlarga asoslanadi:

  • grantlar, o‘quv rejasi va tajriba;
  • karyera maqsadlari va ilmiy qiziqish;
  • ariza beruvchining qiziqishi mavjud tadqiqot loyihalari bilan mosligi.

Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin. Qabul qilishning so‘nggi sanasi — 12-dekabr.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq, kosmonavtika bo‘yicha “UniSat” dasturining ikkinchi oqimiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.