Joriy yilning o‘n oyi davomida O‘zbekistonda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,5%ga oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Spot"ga ma’lum qildi.
Soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Toshkent shahrida kuzatildi — 41,9%.
Shuningdek, Farg‘ona (35,1%), Samarqand (33,8%), Sirdaryo (30,3%), Buxoro (30,3%), Jizzax (29,9%) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (30,7%) o‘sish qayd etilgan.
Bunga elektron hisob-faktura, onlayn-kassa va “cashback” tartibining joriy qilinishi hisobidan erishilganligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,8%ga oshgan.
Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi 63,1% bilan Andijonda qayd etildi.
Shu bilan birga, Jizzax (51,0%), Sirdaryo (48,1%), Farg‘ona (40,2%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (55,9%) va Toshkent shahrida (44,3%) kuzatilgan.
Bu turdagi daromadlarning oshishiga joriy yilning yanvar-sentabr oylarida importning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,3%ga o‘sishi ta’sir ko‘rsatgan.
O‘n oyda tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,7%ga oshgan.
Eksportning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (36,2%), Andijon (34,4%), Samarqand (28,3%), Navoiy (28,2%), Namangan (25,9%) viloyatlarida va Toshkent (28,0%) shahaida qayd etildi.
Sohalar kesimida O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat, oziq-ovqat, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida kuzatilgan.
Tovar eksportning kamayishi Surxondaryo (-14,5%), Jizzax (-2,3%), Buxoro (-2,2%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda (-10,3%) kuzatildi.
Avvalroq endilikda ayrim mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llanilishi haqida xabar berilgandi.