AQShning “Global UGRAD” dasturiga arizalar qabul qilinmoqda, deya xabar berdi mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi.

Bu dastur AQSh davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosining Yevrosiyo va Markaziy Osiyodagi Talabalar almashish bo‘yicha global dasturi hisoblanadi.

Unda bakalavriaturaning 1- 2- 3- bosqichida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.

Dastur doirasida ishtirokchilarning barcha moliyaviy xarajatlari qoplab beriladi hamda bepul yotoqxona ajratiladi. Ular bir semestr davomida AQShda joylashgan universitet yoki kollejda o‘qishi belgilangan.

Ishtirokchilar “Global UGRAD"ga biologiya, biznes, kimyo, informatika, xalqaro munosabatlar, jurnalistika, huquqshunoslik, ommaviy kommunikatsiyalar, fizika, siyosatshunoslik, psixologiya kabi sohalar bo‘yicha tanlab olinadi.

Bunda imkoniyati cheklangan talabalarning arizalari ustunlikka egaligi qayd etilgan.

Nomzodlar 18−24 yoshda bo‘lishi, dastur tugaganida o‘z mamlakatiga qaytib kelishi hamda og‘zaki va yozma ingliz tilini yaxshi bilishi kerak.

Arizalar ingliz tilida AQSh elchixonasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi orqali 15-dekabrgacha qabul qilinadi.

Bu bo‘yicha savollarni havola orqali jo‘natish mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Spot” sayyorashunoslik bo‘yicha AQShning yozgi amaliyot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar bergandi.