Rossiyaliklarning qo‘shni davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga migratsiyasining ikkinchi to‘lqinini ayrim mutaxassislar iqtisodiy o‘sish uchun imkoniyat sifatida ko‘rayotgan bo‘lishsa, boshqalar buni mehnat bozoriga tahdid deb biladi.

“Spot” “Mail.ru Group"ning kadrlar bilan ishlovchi sobiq xodimi, “Alena Vladimirskayaning karyera laboratoriyalari” asoschisi Alyona Vladimirskaya bilan O‘zbekistonga qanday xorijlik mutaxassislar kerakligi, shuningdek, mahalliy kadrlarni yetishtirishning muhimligi haqida suhbatlashdi.


Vaziyat keskin o‘zgardi

Nazarimda, O‘zbekiston negadir o‘zini past baholayapti. Chet ellik mutaxassislarni faqat juda katta mablag‘ bilan jalb qilish odat tusiga kirgan.

Vaziyat keskin o‘zgardi. Gap bugungi kunda odamlarning kamroq pul evaziga kelishga tayyorligida ham emas, gap shundaki, turli shaharlardagi turmush darajasiga eʼtibor qaratish kerak. Yaʼni Moskva va Toshkentda shartli ravishda $5000 turlicha qimmatga ega.

Ikkinchi muhim omil — mamlakat salohiyati va keyingi yillarda kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sishdir. Ishonchim komilki, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar ichida hech kim O‘zbekiston kabi tez rivojlana olmaydi.

Bu yerda juda past baholangan aktivlar mavjud. Mamlakatning qo‘shnilar, shuningdek, Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishi jadal iqtisodiy o‘sish kutilayotganidan dalolat beradi.

Bu ish va bo‘sh ish o‘rinlari nuqtai nazaridan nimani anglatadi? Birinchidan, bu ko‘plab jahon brendlarining kirib kelishidir. Bundan tashqari, iqtisodiyot yiliga 2,5−3 marta siljishni amalga oshirsa, bu vaqt ichida kadrlar qidirish jarayonida sakrash 6 marta sodir bo‘ladi.

Hozirgi O‘zbekiston 2000-yillardagi Rossiyani eslatmoqda: mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun bu kattagina boshlanishning boshida turish uchun katta imkoniyatdir.

O‘zbekistonda qanday mutaxassislar yetishmayapti

Eng katta yetishmovchilik — yaxshi operatsion menejerlardir. Kompaniyalar o‘sib bormoqda va bu Rossiya va Qozog‘istondagi kabi sodir bo‘lmayapti. Bu yerda hammasi boshqacha — yondashuv, ish tamoyillari, pul, munosabatlar.

Katta mablag‘ bo‘shliqlari bo‘lmasligi, mahsulot sifati yo‘qolmasligi uchun biznesni to‘g‘ri rivojlantira oladigan yaxshi operatsion menejerlar tanqisligi — bu bozorning asosiy muammosi.

O‘zbekiston bank tizimi o‘zgarmoqda, banklar moliyaviy texnologiyalarga faol kirib bormoqda. Shu sabab endi ular menejerlarga juda muhtoj. Shuningdek, to‘qimachilik sohasida ham bir qancha mutaxassislar yetishmaydi. U sohaga tajribali texnologlar, muhandislar, biznes qurish va uni rivojlantirishni biladigan menejerlar kirib kelsa, u ancha tez rivojlana boshlaydi.

Menimcha, mamlakatga yetishmayotgan asosiy narsa bu sizlarda ajoyib salohiyat borligiga ishonch va qat’iyatdir. Shu bois, mamlakatni bu borada yetaklay oladigan barcha sohalardagi mutaxassislar hozir juda zarur.

Xalqaro biznes bilan qanday ishlashni biladigan odamlar kompaniyani IPOgacha olib chiqishi, xalqaro savdolarni yo‘lga qo‘yishi va IT jarayonlarini qanday qilib to‘g‘ri qurishni bilishi mumkin.

Kadrlar bozori haligacha to‘liq shakllanmagan

Hozircha mamlakatda o‘rta bo‘g‘indagi menejerlar — top va up-middle menejer darajasiga ko‘tarish mumkin bo‘lgan yaxshi maʼlumotga ega yosh kadrlar yetishmaydi. Albatta, ko‘pchilik shunchaki yetarli tajribaga ega emas, chunki kompaniyalarning o‘zi bu bosqichdan o‘tmagan.

Bundan tashqari, mutaxassislarning maoshi haqida hech qanday tushuncha yo‘q. O‘zbeklar kam maosh oladi, chet elliklar esa — juda ko‘p.

Mamlakatga qanday mutaxassislar kelayotganini tushunish ham muhimdir. Men Rossiyaning IT va Digital bozorini bilaman. Rossiyadan kelgan yigitlarning rezyumelarini ko‘rganimda, ular tez-tez yolg‘on ishlatishlarini bilaman.

Misol uchun, ular aslida loyiha menejerlardan biri bo‘lgan bir paytda, butun bir loyiha uchun masʼul bo‘lganliklarini daʼvo qilishlari mumkin. Yaʼni, chindan ham loyihada ishtirok etgan bo‘ladi, lekin bu odatda umuman yetakchi rolga ega bo‘lmaydi.

Hozir O‘zbekiston uchun o‘ziga xos bir davr — ko‘plab yaxshi kadrlar kelmoqda. Qo‘shni davlatlarga, masalan, Qozog‘istonga ko‘chib o‘tganlar sezilarli darajada ko‘paygan, ammo bu mamlakatlarda ko‘p ish yo‘q. Shu bois, mamlakat Gruziya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ketgan mutaxassislarning bir qismini hali ham jalb qilishi mumkin.

Marketologlar orasida qiziqarli voqea sodir bo‘ldi. Aytaylik, targetologlar bu yerda bemalol ishlay olishadi, chunki reklamani qayerdan sozlashning farqi yo‘q. Ammo SMMdan tortib marketinggacha bo‘lgan hamma ishda barchasi ancha murakkab.

Misol uchun, yaqinda men yirik bank rossiyalik marketologning bo‘lib-bo‘lib to‘lov qilish xizmatlarini ishlab chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy texnologiya loyihasiga jalb qilinishiga qarshi chiqdim. Chunki u mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini, mentalitetini tushunmaydi.

Albatta, rossiyalik mutaxassislar katta tajribaga ega bo‘lib, ular o‘z bilimlarini baham ko‘rishga tayyor, shuning uchun bu yerda ham xorijiy, ham mahalliy mutaxassislarni birga ishga olish yaxshiroqdir. Masalan, yangilik kirita oladigan marketolog va mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunadigan mahalliy mutaxassisning birga ishlashi yaxshi natija beradi.

Misol sifatida oddiy kredit kartasi bilan bog‘liq hikoyani keltiraman. Rossiyada bu marketologlar uchun standart mahsulot bo‘lib, bunda hech qanday qiyinchiliklar yo‘q: maqsadli auditoriya, mahsulotni qanday targ‘ib qilish kerakligi ma’lum.

Bu yerda shunga o‘xshash yondashuvni qo‘llay olmaysiz, chunki… va keyin bu imkonsiz ekanligini tushunishingiz kerak, ammo buni qanday qilish mumkin? Siz uni mentalitetga mos keladigan tarzda qo‘llashingiz kerak.

Xatarlarni baholashda bunday ehtiyoj yo‘q, chunki yaqin atrofda har doim huquqshunoslar bor. Dasturchilar uchun ham bunday xavf yo‘q: kod — bu kod. Operatsion boshqaruvda ham bunday xavf juda kam, chunki mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari bor, lekin agar biror narsa yuz bersa, yuristlar sizni vaqtida to‘xtatishadi. Ammo marketingda bu juda kuchli.

Va men mahalliy bo‘lmagan SMM-mutaxassisini umuman ishga qabul qilmayman. Chunki, birinchidan, ikki: o‘zbek (kirill va lotin) va rus tilini bilish zarur. Lekin asosiy muammo bunda ham emas, umuman gap fikrlash tarzida, bu shunchaki turli xil tasavvurlar diapazonidir.

Shuni tushunish kerakki, tashrif buyurgan mutaxassislar mahalliy aholining “non"ini tortib olishmaydi. Hozir bu darajadagi biznes mahalliy kadrlarni ko‘rib chiqishga deyarli tayyor emas.

Shuning uchun bu holat men uchun xorijlik mutaxassislar orqali mahalliy kadrlarni yetishtirishni anglatadi. Bu juda muhim. Xalqingiz juda aqlli va mehnatkash ekan. Shunchaki tajriba unchalik ko‘p emas.

Kelgusidagi trendlar

Yaqin kelajakda O‘zbekistonga xalqaro kompaniyalar kirib keladi va bu mehnat bozori uchun katta o‘zgarishdir. Ishonchim komilki, “tanish-bilishchilik” deb atalmish holatlar sezilarli darajada kamayadi.

Xalqaro kompaniyalarda ham bunday holatlar uchraydi, lekin juda kam, bundan tashqari, butunlay boshqacha madaniyat mavjud. Ikkinchidan, kompaniyalarda ishlash madaniyati o‘zgaradi.

Bu mamlakatni yaxshigina ko‘taradi, chunki yangi odamlar yangi tizimlarni joriy qilishni boshlashadi, ularga buni allaqachon o‘rgatishgan va bu qanchalik foydali ekanligini tushunishadi.

Men asosiy trendlardan birini ko‘rayapman — bu O‘zbekistonda mehnatga bo‘lgan katta hurmatdir. Bu migrantlar bilan bog‘liq. Bir muddat avval xalqaro universitetlarda o‘qib, keyin turli mamlakatlarda ishlash uchun qolib ketgan o‘zbekistonliklarni qaytarishga urinishlar bo‘lganidan xabarim bor. Va bu urinish, menga aytishlaricha, unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan, oxir-oqibat juda kam odam bu yerga qaytgan.

Nazarimda, hozirda iqtisodiy o‘sish, global kompaniyalarning kirib kelishi va dunyo bo‘ylab uzoqroq sayohat qiladigan (ko‘pchilik uchun O‘zbekiston oraliq nuqta) muhojirlarning kelishi va O‘zbekiston o‘z sanoatiga va yaxshi banklariga ega ekanligi mamlakatning mehnat bozoriga nisbatan munosabat keskin o‘zgaradi. Unga jiddiyroq qaray boshlashadi.

Men boy bo‘lmagan odamlarning (va bu katta hurmatga sazovor) ham o‘z farzandlariga ingliz tilini o‘rgatish uchun oxirgi pullarini sarflayotganlarini yoki kredit olishaytoganini ko‘rayapman. Va bu juda ajoyib holat, chunki ular katta salohiyatga ega.

Eng muhimi, ularning barchasi shu yerda ishlashni xohlaydi. Hatto o‘qishga ketaman, keyin esa o‘z yurtimga ishlash uchun qaytib kelaman, deyishadi. Bu esa O‘zbekistonni o‘zgartiradi.