2022−2023 o‘quv yili uchun OTM magistraturasiga qishki qabul uchun istisno tariqasida til bilish darajasidan qat’i nazar sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi sertifikatga ega nomzodlar uchun mazkur tartib amal qiladi.

Biroq, bunda o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida talab etilgan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni olishi lozim hisoblanadi.

Agar talaba talab etilgan sertifikatni qo‘lga kiritmasa yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar joriy yilning 20-dekabridan 2023-yilning 10-yanvariga qadar platforma orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Xususan, tanlov natijalari bakalavriat diplomning o‘rtacha ballari asosida aniqlanishi keltirilgan.

Milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Shuningdek, vazirlik magistraturaga kirolmaganlar uchun qo‘shimcha imkoniyatni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, milliy yoki xalqaro sertifikatiga ega bo‘lib, hujjat topshirgan, ammo kvota doirasida talaba bo‘lolmaganlar belgilangan bazaviy to‘lov-kontraktning 1,5 baravaridan oshmagan miqdordagi to‘lov asosida magistraturada o‘qishlari mumkin.

Buning uchun OTMning qabul komissiyalariga murojaat qilish mumkin.

Joriy o‘quv yilidan magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangandi.