O‘tgan yili “Ipoteka bank"ning 75% ulushini Vengriyaning “OTP Bank"iga sotish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.

Joriy yilning bahorida esa bank Ukrainadagi harbiy harakatlar tufayli xaridni to‘xtatdi. Keyinchalik bankning top-menejeri Laslo Benchik bank “ishtahasini yo‘qotmagani"ni va kelishuvga qaytishga tayyorligini ta’kidladi.

Hozirda Vengriya tomoni qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazmoqda va aktivning holatini o‘rganmoqda. Shuningdek, bank O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirganligi sabab bitimning amalga oshish ehtimoli yuqoriligi qayd etilgan.

“Biz “Ipoteka bank"ni juda jozibador investitsiya imkoniyati, deb hisoblaymiz. Mart oyida urush boshlangach, jarayonni to‘xtatganimizdan so‘ng uning jozibadorligi yanada oshdi”, — dedi Benchik.

Shuningdek, Vengriya vakili so‘nggi oylarda O‘zbekiston bozorining jozibadorligi oshganini ta’kidlagan. Xususan, mamlakatda inflyatsiya ko‘rsatkichi Yevropa Ittifoqi bilan deyarli tenglashgan.

OTP Bank Markaziy va Sharqiy Yevropa moliyaviy xizmatlar bozorining xalqaro moliyaviy guruhi tarkibiga kiradi. Bank korporativ mijozlar va jismoniy shaxslar uchun keng turdagi bank xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etadi.

Avvalroq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2027-yilgacha O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolib, qolganlari xususiylashtirilishini ma’lum qilgandi.

Xususan, yil oxirigacha “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgan edi.

2023-yil 1-iyulga qadar esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirilishi kerak.


Avvalroq, O‘zbekistonda faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan sanoat zonasi yaratilishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.