Markaziy bank lombard faoliyati to‘g‘risidagi nizom loyihasini muhokamalar portaliga qo‘ydi.

Unda keltirilishicha, lombard faoliyati Markaziy bank tomonidan xabarnoma tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi. Bungacha amalga oshiriladigan lombard faoliyati esa noqonuniy hisoblanadi.

Agar lombard faoliyati regulyator xabarnomasisiz yo‘lga qo‘yilsa, olingan daromad davlat budjetiga olib qo‘yiladi.

Mamlakat hududida ilgari tashkil etilgan yoki tashkil etilayotgan banklarning yoki nobank kredit tashkilotlarining firma nomlari bilan o‘xshash bo‘lgan firma nomlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Lekin lombardlarni tashkil etgan banklarning firma nomlaridan foydalanishi bundan mustasno.

Loyihada lombard ustav fondining eng kam miqdori 500 mln so‘mni tashkil etishi keltirilgan. Shuningdek, ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan va majburiyatlar yuklatilgan hamda jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.

Lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma lombard davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka elektron platforma orqali yuborilishi kerak.

Mazkur loyiha muhokamasi joriy yilning 27-noyabriga qadar davom etadi.

Fikr-mulohazalarni havola orqali jo‘natish hamda nizom loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.


Avvalroq O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.