Rossiyaliklarning 88,9%i Yangi yil bayramida Rossiya bo‘ylab sayohat qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “Kommersant” nashri “TuTu.ru” sayyohlik xizmati ma’lumotiga tayanib.

Shu bilan birga, mamlakat aholisining atigi 0,9%i yangi yil sayohatlari uchun Yevropaga borishni rejalashtirgan.

Rossiyalik sayyohlar orasida yangi yil bayramida eng mashhur xorijiy yo‘nalishlar orasida O‘zbekiston (aviachiptalarni bron qilganlarning 17%i), Tojikiston (12%) va Armaniston (11,2%) bor.

Qishki ichki turizm uchun rossiyaliklar ko‘pincha Moskva (19,8%) va Sankt-Peterburgni (11,2%) maqul ko‘rishmoqda, deb yozadi “TACC” nashri.

Shuningdek, ular uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishlari reytingida Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, BAA va Isroil ham bor.

Ukrainadagi urush tufayli ko‘pchilik xorij mamlakatlari Rossiya fuqarolari uchun viza siyosatini kuchaytirgandi.

Xususan, sentabr oyida Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Finlyandiya rossiyalik sayyohlar uchun kirishni yopdi.

Bundan oldin Oʻzbekiston rossiyaliklar yozgi ta’tilni oʻtkazadigan eng mashhur yo‘nalishlardan biriga aylangandi.

Mamlakat fuqarolari ichki yo‘nalishlardan so‘ng ko‘proq O‘zbekistonga sayohat qilishgan.