Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Yirik maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi muhokamalar portaliga qo‘yildi.

Unda 2023-yilning 1-martiga qadar biznes uchun sharoit va infratuzilmaga ega har bir viloyatda 100 tadan korxonalar uchun maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish choralarini ko‘rish belgilangan.

Bu zonalar tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan bo‘ladi.

Shuningdek, bu maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etilganidan so‘ng boshqarish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bosh reja loyihalarini ishlab chiqish uchun mablag‘lar mahalliy budjetlar hamda hududlardagi tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan yo‘naltirilishi keltirilgan.

Ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun talab etiladigan mablag‘lar tender savdolari yakunlariga asosan tasdiqlangan manzilli ro‘yxat orqali ajratiladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun talab etiladigan mablag‘lar esa o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan budjet ssudasini ajratish orqali moliyalashtiriladi.

Mazkur loyiha muhokamasi joriy yilning 27-noyabriga qadar davom etadi.

Fikr-mulohazalarni havola orqali jo‘natish hamda nizom loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.


Avvalroq Markaziy bank lombard faoliyati to‘g‘risidagi hujjat loyihasini muhokamaga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.