Adliya vazirligining “Intellektual Mulk” ma’lumotlar bazasida “Air Samarkand” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza paydo bo‘ldi.

Ariza 1-noyabrda ro‘yxatga olingan bo‘lib, hozirda ekspertiza ishlari olib borilmoqda.


U quyidagi faoliyat turlarini o‘z ichiga oladi:

  • reklama, biznesni boshqarish;
  • sugurta va moliyaviy faoliyat;
  • uskunalarni ta’mirlash va o‘rnatish;
  • ko‘ngilochar tadbirlar, sport va madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish;
  • oziq-ovqat va ichimliklar bilan ta’minlash;
  • vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash;
  • transport va sayohatni tashkil qilish.

Ariza Intellektual mulk departamentiga “Sam Air” kompaniyasi tomonidan topshirilgan.

Yagona davlat reestri maʼlumotlariga koʻra, “Sam Air” joriy yilning aprel oyida 2,48 mlrd soʻm ustav kapitali bilan tashkil etilgan.


Kompaniya faoliyatining asosiy turi havo transportida yo‘lovchi tashish hisoblanadi.

Ustav kapitalining 51%i asosiy taʼsischi Fazilov Baxtiyor Shuhratovich, qolgan 49%i Gʻofurov Bahodir Ismoilovichga tegishli.

Shuningdek, Fazilov Kiprning “Belvor Holdings” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 99% aksiyasi “Sanoat Energetika Guruhi Enera"ning minoritar ulushiga ham egalik qiladi.


Oz navbatida, “Sanoat Energetika Guruhi Enera” “Air Marakanda” kompaniyasining 100% ulushiga egalik qiladi.

“Uzbekistan Airports” 2021-yilda DXSh asosida “Air Marakanda” bilan shartnoma imzolagandi.

Hozirda Oʻzbekistonda bitta xususiy yoʻlovchi aviatashuvchisi “Qanot Sharq” aviakompaniyasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, oktabr oyida “Uzbekistan Airports” “Silk Avia” mahalliy aviatashuvchisi taqdimotini o‘tkazgandi.