Vazirlar Mahkamasining Davlat bojxona qo‘mitasi huzuridagi “Bojxona-servis” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

“Bojxona-servis” korxonasi prezidentning tegishli farmoni bilan tashkil etilgandi. Unda bojxona faoliyati bilan bogliq turli xizmatlar korsatiladi.

Xususan, muassasa xodimlari deklarantlarga bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam hamda maslahatlar berib boradi.

Shuningdek, “Bojxona-servis” chegara bojxona postlarida qurilish ishlarini olib borishi, ularni nazorat-texnik vositalar bilan jihozlashi va ularda avtoturargohlarni tashkil etishi belgilangan.

Shu bilan birga, bojxona omborlari xizmatlarini ko‘rsatish, ulardagi tovarlarni ortish va tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Bojxona organlari tomonidan olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni boshqarish “Bojxona-servis"ning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Bunda musodara qilingan tovarlarni saqlash va keyinchalik sotish uchun javobgarlik muassasaning zimmasiga yuklanadi.

Qaror bilan, Davlat bojxona qo‘mitasiga 2023-yil 1-aprelga qadar musodara qilingan tovarlarni onlayn savdo maydonchalari va yarmarkalar orqali sotishni tashkil etish topshirildi.


Avvalroq 2025-yilga qadar 21 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji qo‘llanilmasligi haqida xabar berilgandi.