Prezident kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha o‘tkazilayotgan ikkinchi Butunjahon konferensiyasida nutq so‘zladi.
Xususan, davlat rahbari maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga egaligini ta’qidladi.
“Mazkur konferensiya butun dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Xorij tajribasi, o‘qitish uslubi, amaliy bilim va ko‘nikmalari bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyati tashkil etiladi.
Mazkur konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari taraqqiyotga erishishning muhim omili ekanligi to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
“Anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida ushbu yo‘nalishda biz birgalikda amalga oshiradigan sa’y-harakatlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz”, — dedi prezident.
Avvalroq, Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forum doirasida Osiyo taraqqiyot banki maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasiga $75 mln ajratishi ma’lum qilingandi.
O‘zbekiston bolalarni MTMga jalb qilish boʻyicha yetakchi davlatlar reytinggida birinchi o‘rinni egalladi. Bu borada mamlakatda ta’sirchan o‘sish kuzatilayotgani aytilgan.