O‘zbekistonda umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga investorlarni tanlash bo‘yicha e’lon qilingan tanlovga 4 ta kompaniya va konsorsiumdan takliflar qabul qilindi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Buxoro viloyatida 250 MVt, Namangan viloyatida 150 MVt va Xorazm viloyatida 100 MVt quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha takliflar olindi.

G‘olib bo‘lgan investor quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, ishlatish, saqlash va shartnoma muddati oxirida stansiyani topshirish yoki buzib berishni amalga oshiradi.

Tenderda quyidagi kompaniya va konsorsiumlar taklif topshirgan:

  • “Masdar” (BAA) — barcha 3 ta loyiha uchun taklif bergan;
  • “Alarko Holding” (Turkiya) — faqat Namangan va Xorazm viloyatlaridagi loyihalar uchun;
  • Konsorsium: “GD Power” (Xitoy) va “Powerchina” (Xitoy) — barcha 3 ta loyiha uchun taklif bergan;
  • “Voltalia” (Fransiya) — faqat Xorazm viloyatidagi loyiha uchun taklif bergan.

Takliflarning texnik va tijorat qismi baholangandan so‘ng, tender komissiyasi ishtirokchilarni ularning moliyaviy takliflarini ochish marosimiga taklif qiladi.

Buxoro viloyatidagi loyiha uchun tanlov ishtirokchilari 63 MVtdan jami 125 MVt.soat elektr energiyasi bera oladigan kimyoviy energiya saqlash akkumulator tizimini (BESS) qurish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi.

Tender g‘olibi (Buxoro viloyatida 250 MVt) Namangan va Xorazm viloyatlaridagi qolgan ikkita loyiha bo‘yicha tenderda qatnasha olmaydi.

Shuningdek, Namangandagi loyiha g‘olibi Xorazmdagi loyiha tenderida ishtirok etaolmaydi.

Tenderning birinchi bosqichida belgilangan kompaniyalar texnik, moliyaviy va tajribalarga qarab tenderda ishtirok etishga ruxsat berilgan. Ya’ni ayrim yirik kompaniyalar uchta loyiha tenderlarida qantasha olishadi.

O‘rtacha deb topilgan kompaniyalar faqat o‘rta va kichik loyiha tenderida ishtirok etishadi, lekin Buxoro viloyatidagi stansiya loyihasi uchun tenderda ishtirok eta olmaydi.

Tajribasi, texnik va moliyaviy imkoni kamroq kompaniyalar faqat Xorazmdagi loyiha tenderida ishtirok etishi belgilangan.

BAAning “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatining Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasini qurish ishlarini olib borayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, kompaniya Navoiy viloyatida 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini quradi. Bu “Masdar"ning viloyatdagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, o‘tgan yili Karmanada quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirgandi.