Joriy yilning o‘n oyi davomida qozog‘istonliklar 97 737 ta yengil avtomobil hamda tijoriy texnikalar xarid qildi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston avtobiznes uyushmasi.

Oktabr oyida, xarid qilingan mahsulotlarning 9870 tasi yengil avtomobil va 865 tasi tijoriy texnikalarni tashkil etib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9%ga oshgan.

Xususan, “Chevrolet” ketma-ket sakkizinchi oy peshqadamlikni davom ettirmoqda. Oktabr oyida 3137 ta kompaniya avtomobili sotilgan. Undan keyingi pog‘onani 2072 ta avtomobillari bilan “Hyundai” egalladi. “Kia” esa 1408 ta avtomobili bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Oktabr oyida “Chery” avtomobillari 670 ta mahsuloti bilan birinchi marta to‘rtinchi o‘ringa chiqib oldi. Undan biroz farq (665 ta) bilan “Toyota” beshinchi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, mazkur davrda 303 ta “Exeed”, 299 ta “Lada”, 266 ta “JAC” hamda 211 ta “Lexus” xarid qilingan.

Xususan, modellar bo‘yicha “Chevrolet Cobalt” avtomobiliga talab yuqori bo‘lgan — 2193 ta. 976 ta avtomobil bilan “Hyundai Tucson” ikkinchi o‘rinda turibdi.

Uchinchi o‘rinni esa 729 ta avtomobil bilan “Chevrolet Nexia” egallagan.

“Kia Ceed” 484 ta avtomobil xaridi bilan savdolar jadvalida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Umuman, yanvar-oktabr oyida Qozog‘istonda “Chevrolet” avtomobiliga talab yuqoriligicha qolgan. Bu davrda umumiy hisobda 27 622 ta avtomobil xarid qilingan.

Shuningdek, “Hyundai” 22 435 ta, “Kia” 11 135 ta, “Toyota” 7895 ta, “Lada” 7004 ta sotilgan.

“UzAuto Motors” kompaniyasi 2022-yilning oxirigacha avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichini 340 mingga yetkazishni, keyin yillarda esa 400 mingdan oshirishni rejalashtirgan.

Kompanioya yil oxirida “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi.


Avvalroq, “Spot” “UzAuto Motors” avtomobillariga navbat qachon kelishini qanday tekshirish mumkinligi haqida material e’lon qilgandi.