2025-yilga borib O‘zbekistonda elektron tijorat bozori hajmi 12 barobar o‘sishi mumkin, deya ta’kidlamoqda “Uzum” market bosh direktorining o‘rinbosari Akmal Rahimov. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar bermoqda.
Buning uchun elektron tijorat bozorining barcha ishtirokchilari birlashib, imkon qadar o‘z xizmatlarini takomillashtirsa, davlat ham o‘z navbatida ma’lum darajada qo‘llab-quvvatlashi kerak. Shundagina bunday ko‘rsatkichlarga erishish mumkin.
Agar chakana savdo hajmi uch yil ichida $52,5 mlrd.ga yetsa, bunda onlayn savdoning ulushi 13,1% yoki $6,88 mlrd.ni tashkil qiladi, dedi Rahimov.
Shu bilan birga, u kompaniya avtoparkni to‘ldirish va geografiyasini kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida ham aytib o‘tdi.
Yil oxirigacha avtoparkda jami 56 ta turli formatdagi avtomobillar bo‘ladi. Kelasi yilda mashinalar sonini 160 taga, 2024-yilda esa 300 taga yetkazish belgilangan.
“Shuningdek, assortimentni kengaytirish, yil oxiriga qadar mavjud tovarlar sonini hozirgi 100 mingdan 200 mingga ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Rahimov
Avvalroq prezident elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, elektron tijoratda shartnoma elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi.