Kibersport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga oid prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, mamlakatda kibersport rasman alohida sport turi sifatida belgilandi.
Kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- professional kibersportchilar va trenerlar, hakamlar va sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimini joriy qilish;
- kibersport turlari bo‘yicha respublika va xalqaro chempionatlar va turnirlar tashkil etish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ishtirok etish;
- kibersport turlari bo‘yicha ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda adabiyotlar ishlab chiqish va nashr etish;
- infratuzilmani rivojlantirish va kengaytirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirish;
- kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot ishlarini olib borish.
2023-yildan boshlab kibersport turi bo‘yicha har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, dekabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” hamda iyun oyida “Yoshlar kubogi” turniri o‘tkaziladi.
Shu va boshqa chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus portal yaratiladi.
“Uzbekistan Esports Championship” chempionatining final bosqichini o‘tkazishga 1,5 mlrd so‘m, tuman (shahar) va viloyat bosqichlarini o‘tkazishga esa 2 mlrd so‘m ajratiladi.
Kibersport turlarini rivojlantirish va keng ommalashtirish dasturiga asosan quyidagilar amalga oshiriladi:
- kibersport ligasini tashkil qilish va kibersport klublari o‘rtasida kibersport liga musobaqalarini o‘tkazish;
- sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini kuchaytirish;
- sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish;
- kibersportchilarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni kamaytirish;
- kibersportda “ping” muammosini bosqichma-bosqich bartaraf qilish;
- jahon bozorida raqobatbardosh kibersport o‘yinlarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish;
- targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish;
- kibersport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarda sog‘lom sport madaniyatini shakllantirish, ular tomonidan qonunga xilof va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi tashkil etiladi.
“Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida g‘olib bo‘lgan kibersportchilar mazkur universitetning “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Shuningdek, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni o‘tkazish uchun kiberzona tashkil etilib, unda quyidagilar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan:
- chempionatlar, turnirlar va musobaqalar o‘tkaziladigan maxsus zal;
- mobil kibersport mashg‘ulotlari zali;
- server uskunalari saqlanadigan joy;
- o‘quv-mashg‘ulot markazi;
- chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish, ssenaristlar, rejissyorlar, tahlilchilar va sharhlovchilar uchun studiya;
- kibersport mahsulotlari va tovarlarini reklama hamda realizatsiya qilish shoxobchasi.
2023-yildan har yili bir “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kubogi” va “Hokim kubogi” turnirlari tashkil etiladi.