O‘zbekistonda tabiiy gaz eksporti deyarli to‘xtatilgan. Bu haqda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev matbuot anjumanida ta’kidladi.
Xususan, bir kunlik prognoz ko‘rsatkichlari qariyb 10 mln kub.metr tabiiy gaz eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan eksport hajmi 1 mln kub.metrga yetmaydi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘layotgan gaz yetishmovchiligi muammosi bo‘yicha fikr-mulohazalarga to‘xtalib, “Lukoyl” yoki “Sanoat energetika guruhi” gaz yetishmovchiligiga aloqador emasligini ta’kidladi.
“Sanoat Energetika Guruhi” kompaniyasi hamda Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi gaz qazib chiqarish va uni ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha shartnomalarda ko‘rsatilgan majburiyatlarini to‘liq bajarmoqda. Shu bois ularni gaz yetishmovchiligiga aybdor sifatida ko‘rsata olmaymiz", — dedi vazir o‘rinbosari.
Xo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, tez kunda cheklovlar masalasi 80%ga hal etiladi. Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to‘xtatilib, tashqi import 20%ga oshirildi.
“O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev esa “GTL” kompaniyasidagi ishlab chiqarish 50%ga kamaytirilib, qolgan gaz aholiga berilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Oktabr oyida aholi va tadbirkorlar uchun issiqlik ta’minotida narxlar belgilandi. Xususan, chakana tariflar quyidagilar uchun avvalgi holda qoldi:
- aholi uchun — 91 960 so‘m/Gkal;
- kichik, o‘rta va yirik biznes uchun — 141 737 so‘m/Gkal.
Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun chakana tarif 502 067 so‘m/Gkalni tashkil etdi.