“Twitter” pullik obuna shartlarini va tasdiqlash belgisini berishni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “The Verge” nashri.

Ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask pullik obuna 29-noyabr kuni qaytadan ishga tushirilishini e’lon qildi va foydalanuvchilarga bu yakuniy sana ekanligini aytdi.

Toʻlanmagan tasdiqlanganlik belgisi bir necha oy ichida olib tashlanadi, deya qoʻshimcha qilgan tadbirkor xabarida.

Mask, shuningdek, agar foydalanuvchi o‘z ismini o‘zgartirsa, belgi vaqtinchalik o‘chirib qo‘yishini aytdi.

Bunda “Twitter” jamoasi yangi nom platforma shartlariga mos kelishini tekshirishi kerak bo‘ladi.

“Twitter” birinchi marta iOS’da yangi obunani 9-noyabrda boshlagandi. Biroq, platformada tasdiqlangan soxta akkauntlar soni ko‘payganidan bir necha kun o‘tgach, mazkur obuna uchun ro’yxatdan o‘tish to‘xtatildi.

Oktabr oyi boshida Mask “Twitter"ni oldin kelishilgan shartlar asosida $44 mlrdga sotib olishga rozilik bildirgandi.

Keyinchalik Mask kompaniyaning 75% xodimini ishdan boʻshatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. 11-noyabr kuni “Twitter” rahbari xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqladi.

12-noyabr kuni esa “Twitter” 5500 ta pudratchidan 4400 tasini ishdan bo‘shatgandi.