7−13 noyabr kunlari O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,5 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.
O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning suyultirilgan gaz bozori narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.
Hafta davomida birja savdolariga 5 808 tonna suyultirilgan gaz qo‘yilib, uning 5 766 tonnasi, ya’ni 99,3%i sotildi.
Suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 3,7 mln so‘mdan 3,6 mln so‘mgacha, ya’ni 2,2%ga pasaygan.
Birjaning shakar bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.
Hafta davomida birja savdolariga 10 502 tonna shakar qo‘yilib, shundan 9 802 tonnasi — 93,3%i sotildi.
Shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar bir tonnasi uchun 10,7 mln so‘mdan 10,5 mln so‘mgacha pasaygan.
Bundan tashqari mahalliy shakarning TS-2 — kategoriyasi bo‘yicha narx mahsulotning bir tonnasi uchun 10,9 mln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, birjaning sement bozorida narxlar pasayishi qayd etildi.
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 110 ming 656 tonna sement sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 22,1 ming tonnani tashkil qildi.
Narxlar sementning bir tonnasi uchun 582 ming so‘mdan 579 ming so‘mgacha pasaydi.