Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeTB) Barqaror rivojlanish bo‘yicha boshqaruvchi direktori Konrad Albrextning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining texnik jihatdan foydalaniladigan gidroenergetika potensiali yiliga 510,1 TVt/soatni tashkil etib, shundan 10% dan kamrog‘i foydalaniladi. Bu haqda bankning matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, mintaqaning gidroenergetika salohiyati mamlakatlarning suv resurslari mavjudligiga qarab farq qiladi.
Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi keng qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil tekisliklarda gidroenergetika salohiyati kam yoki umuman yo‘q.
O‘rta Osiyoning sharqiy va janubi-sharqidagi tog‘li hududlar, jumladan, Tojikiston (umumiy salohiyatning 61,1%), Qirg‘iziston (19,4%) va qisman Qozog‘iston (12,1%) yog‘ingarchilikning ko‘pligi bilan ajralib turadi.
“Qirg‘iziston va Tojikistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 90%dan ortig‘i GESlar hisobiga amalga oshiriladi. Mamlakat gidroenergetika salohiyatining atigi 4−5%idan foydalanmoqda”, — dedi Konrad Albrext.
Shuningdek, u rivojlanayotgan mamlakatlarda gidroenergetikaning o‘rni ortib borayotganini ta’kidlab, tizimga qayta tiklanadigan energiya manbalarini, xususan, shamol va quyoshni qo‘shish imkonini berishi, yashil vodorod ishlab chiqarish salohiyatini yaratishi mumkinligini qayd etdi.
Yil boshida O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlishiga hozirlik koʻrilayotgandi.
Mazkur bank moliya tashkiloti boʻlib, unga aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga koʻmaklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.