Markaziy bank oktabr oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarini taqdim etdi.
Aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan biroz pasayib, 15,1%ni tashkil etdi.
Keyingi 12 oyda inflyatsiyani joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan respondentlarning ulushi avvalgi oyga nisbatan 2%ga oshdi.
Oktabr oyida inflyatsiyani kelgusida 13−16% hamda 17−20% atrofida bo‘lishini kutayotgan aholi ulushi ham yuqorilagan.
Respondentlar kelgusi davrda narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (49%), valyuta kursining qadrsizlanishi (44%) hamda narxlarning sun’iy oshirilishini (34%) keltirgan.
Shu bilan birga, aholi turar joy hamda ijara to‘lovlarining oshishini ham yuqori baholagan — 18%dan 22%gacha.
Bu davrda aholining inflyatsion kutilmalari pasaygan bo‘lsa, tadbirkorlarniki aksincha, o‘tgan oyga nisbatan 0,4% o‘sib, 14,2%ni tashkil etdi.
Kelgusi 12 oyda inflyatsiya ko‘rsatkichi joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 5%ga oshdi.
Oktabr oyida tadbirkorlarning aksariyat qismi keyingi davr uchun inflyatsiyani 9−12% atrofida bo‘lishini kutishmoqda.
Ular narxlar oshishiga valyuta kursining qadrsizlanishi (44%) hamda yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (39%) kabi omillar ta’sir etishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyatsiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
2023-yil uchun esa bazaviy ssenariy doirasida 8,5−9,5%gacha pasayishi mumkin.
O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlardagi inflyatsiya hisoblanadi. Negaki import inflatsiyasining o‘sishi asosiy inflatsiyaning taxminan 38%ni ifodalaydi.