Markaziy bank 1-noyabr holatiga pul agregatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning oktabr oyida keng ma’nodagi pul massasi 171,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich sentabr oyiga nisbatan 1,6% — 2,9 trln so‘mga kamayganini ko‘rish mumkin.
Bu davrda milliy valyutadagi pul massasi deyarli barqaror ko‘rsatkichini saqlab qoldi — 124,7 trln so‘m.
Tor ma’nodagi pul massasi 963 mlrd so‘mga qisqarib, 80,4 trln so‘mni tashkil etdi.
Mazkur davrda naqd pullar qoldig‘i deyarli o‘zgarishsiz qoldi — 43,7 trln so‘m. Biroq milliy valyutadagi talab qilib olguncha depozitlar o‘tgan oyga nisbatan 955 mlrd.ga kamayib, 36,7 trln so‘mni tashkil qilgan.
Milliy valyutadagi boshqa depozitlar sentabr oyiga nisbatan 1,6 trln so‘mga o‘sib, 44,2 trln so‘mga yetdi.
Shuningdek, chet el valyutasidagi depozitlar ko‘rsatkichi ham oldingi ko‘rsatkichka nisbatan 3,5 trln so‘mga kamayib, 46,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida banklar orqali 503 trln so‘mlik naqd pul aylanmasi amalga oshirildi.