“Gavayi orollari” axborot portali dunyodagi stress darajasi eng yuqori bo‘lgan aeroportlar reytingini e’lon qildi.
Mazkur reytingni aniqlashda portal dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq aeroportlar uchun “Google” sharhlarini tahlil qilgan.
Unga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning Manchester aeroporti dunyodagi eng stressli aeroport, deb topildi. Aeroportga oid sharhlarning 82,5%i stressni ifodalab, yo‘lovchilarning aksariyati xodimlarning yetishmasligi va uzun navbatlarni keltirgan.
Uzun bojxona liniyalari 62,6% bilan Istanbuldagi Sabiha Go‘kchen aeroportini Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi eng stressli aeroportga aylantiradi.
Aeroportning eng ko‘p tilga olinadigan salbiy jihatlaridan biri bu “pasport nazorati” bo‘lib, bir necha yo‘lovchilar Sabiha Go‘kchenga xalqaro reysni amalga oshirgandan so‘ng bojxonada ikki soatlab navbatda turishganini ta’kidlashgan.
Shuningdek, uzoq navbatlardan tashqari, ko‘pchilik aeroportda bepul Wi-Fi yo‘qligidan shikoyat qiladi.
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi eng stressli aeroportlarning TOP-20talik reytingida kuchli uchlikni Isroilning Ben Gurion aeroporti (53,58%) hamda Turkiyaning Antaliya aeroporti (53,04%) egalladi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti esa 46,02% bilan 7-o‘rinda turibdi.
Bundan tashqari Olmaota xalqaro aeroporti 46,84% bilan 5-o‘rin, Istanbul aeroporti 44,84% bilan 9-o‘rin, Chimkent aeroporti 40,03% bilan 14-o‘rin, Manas xalqaro aeroporti 37,48% bilan 16-o‘rin hamda Ostona xalqaro aeroporti 35,96% bilan 20-o‘rinni band etdi.