O‘zbekistonda elektromobillarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Buni Davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlardan ko‘rish mumkin.

Xususan, joriy yilning 10 oyida o‘zbekistonliklar elektromobillar importiga $55,4 mln sarflagan.

Jami xarid qilingan elektromobillarning soni esa 1 749 tani tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan $4,1 mln.ga oshib, bir oyda jami 120 ta elektromobil xarid qilingan.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda import qilingan elektromobillar soni 1136 taga oshgan.

Eng ko‘p elektromobillar import qilingan davlatlar birinchiligida Xitoy turibdi. O‘n oyda mamlakatdan 1 528 ta elektromobil xarid qilingan. Ularning bir oylik ko‘rsatkichi esa 106 tani tashkil etadi.

Bu bilan jami import ko‘rsatkichining 88,3%i Xitoy elektromobillari hissasiga to‘g‘ri keladi. BAA (111 ta) hamda Germaniya (48 ta) kuchli uchlikni egallagan.

Shuningdek, joriy yilda Gonkongdan 37 ta, Litvadan 10 ta, Koreyadan 7 ta hamda boshqa davlatlardan 8 ta elektromobil import qilingan.

Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida davlat rahbari elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida ta’kidlagandi.

Shu bilan birga elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.

“Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak”, — degandi prezident.

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi 50 tani tashkil etmoqda. Ular asosan, Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish markazlari esa yo‘q.

Keyingi ikki yilda hududlarda ikki mingta quvvatlash stansiyalarini tashkil etilish belgilangan. Bu stansiyalarga yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.