Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan birinchi konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarga murojaat yoʻllab, unda mazkur tadbir tomonlar o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirishda muhimligini ta’kidlagan.

Global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik sharoitida ortib borayotgan muammolar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish dolzarbligini tasdiqlashi qayd etildi.

Prezident Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi “Global Gateway” tashabbusi orqali aloqalarni mustahkamlash borasida birgalikda ishlashning uchta yoʻnalishini sanab oʻtgan.

Birinchisi — raqamli transformatsiya. Davlat rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan internet aloqasini taʼminlovchi optik tolali kanallar qurish rejasini qoʻllab-quvvatladi.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanoat, moliya va qishloq xo‘jaligi sohalariga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha dasturlar ham tasdiqlanadi.

Shuningdek, prezident transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishni navbatdagi dolzarb vazifa deb ta’kidladi.

Transkaspiy multimodal koridori loyihasi alohida qayd etilgan — u mintaqa mamlakatlari uchun jahon bozorlariga eng qulay yo‘l bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Mirziyoyev Yevropa Ittifoqini “yashil rivojlanish” bo‘yicha mintaqaning asosiy hamkori deb atadi.

Markaziy Osiyo energiya tejamkor texnologiyalar, qayta tiklanadigan energiya va aqlli qishloq xo‘jaligini joriy etishda Yevropa tajribasidan foydalanmoqda.

“Iqlim taʼsirini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlik mintaqaning YeI bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan boʻladi”, — dedi prezident.


Avvalroq prezident Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llab, unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ham prezident bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.