So‘nggi oylarda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralarida sezilarli pasayish kuzatilmoqda. Markaziy bank 1-noyabr holatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiralar bir oyda $1,1 mlrd.ga kamaygan.

Yil boshiga nisbatan esa $2,8 mlrd.ga kamayib, zaxiralarning umumiy hajmi $32,3 mlrd.ni tashkil etdi.

Oktabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,5 mln troya unsiyadan 12,8 mln troya unsiyaga oshgan bo‘lsa, qiymati ham sentabr oyidagi pasayishdan keyin $21 006 mln.ga ko‘tarildi.

Oltinning qiymati avgust, iyul oylarida ham sentabr oyiga nisbatan o‘suvchi ko‘rsatkichda edi.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham sentabr oyidagi $11,5 mlrd ko‘rsatkichdan oktabr oyiga kelib $10,2 mlrd.ga kamaygan.

“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari joriy yil boshidan $2,8 mlrd.ga yoki 8%ga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1638,85 gacha pasayishining ta’siri $2 mlrd.ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

O‘zbekiston markaziy banklar orasida oltinning dunyodagi ikkinchi eng yirik xaridoriga aylandi. Xususan, mamlakat 65%lik zaxirasi bilan Venesueladan keyingi o‘rinda turibdi.

Natijada, $32 mlrd.lik zahiradagi qimmatbaho metal ulushini qariyb uchdan ikki qismiga yetkazganini ko‘rish mumkin.

Joriy yilning uchinchi choragida dunyo markaziy banklari valyuta zaxiralari uchun 399,3 tonna oltin sotib olgandi. O‘zbekiston bu davrda 26 tonnalik xaridlar bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.