Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.
Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov bilan “IndiGo” aviakompaniyasining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Rajan Malxotra o‘rtasida o‘zaro muhokama olib borilgan.
Xususan, unda xorijiy aviakompaniyalarni O‘zbekiston aviatsiya bozoriga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda taqdim etilgan imtiyozlar haqida so‘z yuritildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shimcha aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida sayyohlik, iqtisodiy hamkorlikning kengayishiga ta’sir qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, muzokaralarning navbatdagi bosqichini tashkil etish maqsadida “IndiGo” aviakompaniyasi mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifi belgilandi.
Kompaniya haqida
“IndiGo” Hindistonning eng yirik yo‘lovchi aviakompaniyasi bo‘lib, 2006-yili tashkil etilgan. 2022-yilning avgust holatiga ko‘ra kompaniya bozor ulushi 57,7%ni tashkil etadi.
Loukoster jami 100 ta yo‘nalishga ega bo‘lib, shundan 74 tasi mahalliy va 26 tasi xalqaro yo‘nalish hisoblanadi.
Avvalroq, “Air Arabia” kompaniyasi O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.