Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi tomonidan qurilgan, quvvati 220 MVt bo‘lgan yangi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari tomonidan mazkur elektr stansiya qurilishiga start berilgandi.

Stansiya yiliga 1,7 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Xususan, o‘rnatilgan qurilmalarning foydali ish koeffitsienti yuqoriligi hisobiga yiliga 150 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi.

Natijada, qo‘shimcha 685 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratilishi ta’kidlangan.

Stansiya qurilishi davomida 700 nafargacha, u ishga tushirilgandan keyin esa 100 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.


Avvalroq “Spot” 2024-yil yakuniga qadar Navoiyda 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.