Joriy yilning oktabr oyida regulyator “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasini qaytarib oldi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Turkiston Bank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-Tech Bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari mavjudligini ta’kidlagandi.

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘larini muddatidan avval qaytirilishi belgilandi.

21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablag‘lari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ka murojaat qilishlari mumkin.

Omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablag‘larini o‘zlari xohlagan tarzda — naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga ko‘chirishi yoki agent-bank bo‘lgan “Qishloq qurilish bank"ka omonatga qo‘yishi mumkin.

Fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq tegishli hujjatlarning asl nusxalari (pasport, omonat daftarchasi, omonat shartnomasi, notarius tomonidan tasdiqlagan ishonchnoma) ko‘rsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham to‘lab beriladi.

Batafsil ma’lumotlarni Markaziy bank yoki Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi orqali olish mumkin.