O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Fransiya savdo vazirligi rahbariyati va fransuz kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhokamalarda qatnashdi.

Xususan, Fransiyaning savdo bo‘yicha vaziri Oliver Besht bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, energetika, suv va issiqlik ta’minoti hamda geologiya kabi sohalardagi loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida metall, kimyoviy mahsulotlar, shisha, to‘qimachilik, oziq-ovqat, shu jumladan, GSP+ tizimining qulaylik va imtiyozlaridan foydalangan holda yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirishga kelishib olindi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Bosh direktori Remi Riu bilan suhbatda FTAning “PROPARCO” va “Expertise France” bo‘linmalari bilan 2023−2025 yillarda O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, “EDF” kompaniyasining Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi joriy loyihalarini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Kompaniya vakillari Toshkent va Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan jami quvvati 1250 MVt loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

“SUEZ” direktorlar Kengashi bilan Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatining suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhokama qilindi.

Kompaniya shaharlarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish va qattiq chiqindilarni boshqarish loyihalarida hamkorlikni kengaytirish istagida.

Shuningdek, “EIFFAGE” kompaniyasi bilan Yakkabog‘-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha magistral suv quvurini o‘tkazish loyihasi muhokama qilindi. Quvurning uzunligi 82 km bo‘lib, suv saqlovchi 4 ta suv havzasi mavjud.


Avvalroq, 2024-yil yakuniga qadar Navoiyda shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.