Germaniyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Bu bo‘yicha Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov bilan Germaniya turistik assotsiyasiyasi (DTV) prezidenti Norbert Fiebig o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlandi.
Xususan, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Yevropada targ‘ib qilish va yevropalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida “Destination Forum” loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, “DTV"ning marketing resurslaridan foydalanib, “Uzbekistan” turistik brendini Yevropaga olib chiqish, DTV tarkibiga kiruvchi turistik tashkilotlar hamda turistik operatorlarning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Yakunda 2023-yilning aprel oyida “Destination Forum” loyihasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.
Germaniya turistik assotsiatsiyasi 1950-yil 10-avgustda Frankfurt-na-Maynda Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi sifatida tashkil etilgan.
Assotsiatsiya turizm sohasida mamlakatning 90%ini qamrab oladi, 10 mingdan ortiq a’zosi mavjud.
Avvalroq, Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida xabar berilgandi.