Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalar O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday rol o‘ynashini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalarning ahamiyati ortyapti.

2017−2021 yillar oralig‘ida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2,7 baravarga oshib, joriy yilning 1-yanvar holatiga 13,2 mingtaga yetgan.

Investitsiya kiritayotgan 50 dan ortiq mamlakatdan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar ulushi asosan iqtisodiyotning sanoat (30,6%) va savdo (28,5%) sohalariga to‘g‘ri keladi.

Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarda rasman band aholining 6%i faoliyat yuritadi, biroq ushbu korxonalarning ishlab chiqarishdagi ulushi 15%ni, asosiy kapitalga investitsiyalardagi ulushi esa 24%ni tashkil etadi.

Bunday korxonalar mamlakatdagi jami korxonalarning 2,5%ini tashkil etishiga qaramay, 2021-yili tashqi savdo aylanmasining 19,8%i, eksport va importning mos ravishda 19,7%i va 25%i ularning hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tahlil chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar mamlakatdagi eng samarali va faol qatlamligini ko‘rsatgan.

2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, kelgusi 5 yilda iqtisodiyotga $70 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda 2026-yilga borib, eksport hajmini $30 mlrd.ga yetkazish maqsad qilingan.

Bunda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar sonini oshirish, ularning eksport faoliyatini rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega, deya ta’kidlanadi PMTI tahlilida.

Davlat rahbari xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibini belgilab berdi:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
  • ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
  • investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.

Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etilishi belgilangan.

O‘zbekistonning Fransiya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda fransuz tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishi ham xorijiy investorlarga bo‘lgan talabning yuqoriligini isbotlaydi.