Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga tashrifi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) bosh direktori Remi Riuni qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, qo‘shma loyihalar portfeli 1 mlrd yevroga yetdi. Agentlik ishtirokida infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi:
- davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida joriy qilish;
- energetika va transportda “yashil” iqtisodiyot loyihalarini kengaytirish;
- agrosanoat majmuini qo‘llab-quvvatlash;
- xotin-qizlar va yoshlarni o‘qitish va ularning tadbirkorligini moliyalashtirish.
Bunda Fransiya kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari ishtirokida moliyalashtirish mexanizmlaridan faol foydalanish muhim ekani ta’kidlandi hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, tomonlar umumiy qiymati 1 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan 2025-yilgacha strategik hamkorlik dasturini imzoladi.
Dastur qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti, bank-moliya va transport sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Parijda o‘tkazilgan o‘zbek-fransuz biznes-forumi doirasida O‘zbekiston yashil energetika, avtomobilsozlik va butlovchi qismlar, farmatsevtika sanoati va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda fransuz tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgandi.
Fransiya savdo vazirligi rahbariyati va fransuz kompaniyalari savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhakamlar o‘tkazildi.